Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi pedagogika universitetining yangi kampusi ochildi

Kampus 20 ming talaba uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda 5 ming o‘rinli talabalar turar joylari ham tashkil etiladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Majmuada jami 20 ming talaba uchun o‘quv binolari hamda 5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Birinchi bosqichda 12 ming o‘rinli besh qavatli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurildi.

Davlat rahbarlariga majmuaning qurilish jarayonlari, ta‘lim infratuzilmasi va kampusni rivojlantirish rejalari taqdimot qilindi. 

Shuningdek, ular axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi.

Muzeyda Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi, ma‘naviy merosi hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi madaniy va adabiy aloqalar aks ettirilgan.

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ham ekdi.

So`nggi xabarlar