Qashqadaryo viloyatida 9 mlrd so‘mdan ortiq miqdordagi kriptoaktivlarni noqonuniy o‘tkazish va ayirboshlash bilan shug‘ullangan shaxs aniqlandi. Bu haqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro tegishli litsenziyasiz Binance xalqaro kriptobirjasida akkaunt ochgan.
U 2021−2025-yillarda ushbu akkaunt orqali qariyb 700 ta kriptoaktiv oldi-sotdi operatsiyasini amalga oshirgan.
Operatsiyalarning dastlabki qiymati 683 ming dollarni yoki 9 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi uchinchi qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.