11-sentyabr kuni O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo kuzatiladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Faqat Orolbo‘yi va Toshkent viloyatining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati 32−35 daraja, respublikaning shimoli-g‘arbida esa 23−28 daraja atrofida bo‘ladi.
Dam olish kunlari mamlakat bo‘yicha havo asosan kam bulutli bo‘lib, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat biroz pasayib, kunduzi 25−30 darajani, ayrim joylarda 32 darajagacha, janubda esa 35 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda.
11−12-sentyabr kunlari ayrim hududlarda shamol tezligi 13−18 metr/sekundgacha kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Tog‘li hududlarda 11−12-sentyabr kunlari ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 13-sentyabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Toshkentda bugun kunning birinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat 33−35 daraja bo‘ladi.
Dam olish kunlari poytaxtda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi harorat 16−18 daraja, kunduzi shanba kuni 28−30 daraja, yakshanba kuni esa 30−32 daraja bo‘ladi.