Toshkent viloyatida $240 mingni noqonuniy olib chiqishga uringan ikki Qozog‘iston fuqarosi aniqlandi

Poytaxtda esa Turkiyadan keltirilgan qalbaki $8,4 mingni muomalaga kiritishga urinishning oldi olindi.

Toshkent viloyatida $240 mingni mamlakatdan noqonuniy olib chiqish, poytaxtda esa qalbaki $8,4 mingni muomalaga kiritish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent tumanidagi “Navoiy” chegara-bojxona postida 2005 va 2009-yillarda tug‘ilgan ikki nafar Qozog‘iston fuqarosi shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida ulardan biri oyoqlarining boldir qismiga skotch yordamida $160 ming, ikkinchisi esa $80 mingni bog‘lab, pullarni yashirin ravishda qo‘shni davlatga olib chiqmoqchi bo‘lgani aniqlandi.

Yana bir holatda DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari qalbaki xorijiy valyutani muomalaga kiritishga urinishning oldini oldi.

Qibray tumanida yashovchi 1999-yilda tug‘ilgan shaxs Turkiyadan keltirilgan qalbaki $8,4 mingni Yunusobod tumanida yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan sherigi bilan o‘zaro til biriktirib, shartli xaridorga haqiqiy $3,8 mingga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

So`nggi xabarlar