O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladi.
Shuningdek, prezidentlar huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:
– Pensiya taʼminoti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– 2030-yilga qadar tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha dastur;
– Investitsiyalar va savdo sohasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi;
– Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– Adliya vazirliklari o‘rtasida 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– Kinologiya sohasida tajriba almashish va hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– Urganch va Xonkendi, Buxoro va Lochin, Urganch va Naxchivon shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bayonnomalar.