Urganch aeroporti va Xiva o‘rtasida tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Yo‘l haqi kattalar uchun 25 ming so‘mni, bolalar uchun esa 14 ming so‘mni tashkil etadi.

Urganch aeroporti va Xiva shahri o‘rtasidagi yo‘nalishda CR200J rusumli zamonaviy tezyurar elektropoyezd yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xabar berdi.

Xitoyning CRRC Dalian Co., Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektropoyezd 6 ta vagondan iborat bo‘lib, 415 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Uning maksimal harakat tezligi 160 km/soatni tashkil etadi.

Poyezdda ekonom toifadagi o‘rindiqlar, har bir o‘rindiq uchun USB quvvatlantirish qurilmalari va iqlim nazorati tizimi mavjud. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus joylar ajratilgan.

7055-sonli Urganch Aerovokzal — Xiva poyezdi Urganch aeroportidan soat 08:40 da jo‘nab, 08:59 da Urganchga yetib keladi. U yerdan 09:02 da yo‘lga chiqib, 09:22 da Xivaga yetib boradi.

Qarama-qarshi yo‘nalishdagi 7058-sonli poyezd Xivadan soat 21:00 da jo‘naydi. U 21:20 da Urganchga yetib kelib, 21:23 da harakatini davom ettiradi va 21:42 da Urganch aeroportiga yetib boradi.

Yo‘l haqi kattalar uchun 25 ming so‘m, bolalar uchun 14 ming so‘m etib belgilangan.

So`nggi xabarlar