Shayxontohur tumanidagi Jarariq mavzesida daraxtlar kesilgani haqidagi murojaat yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda aytilganidek hududda 400 tup daraxt bo‘lmagan. green.tashkent.uz elektron bazasiga ko‘ra, mazkur manzilda jami 112 tup daraxt ro‘yxatga olingan.
Tekshiruv davomida yer maydoni 2017-yilda tadbirkor tomonidan sotib olingani, keyinchalik shu manzilda yashovchi fuqaro S.D. o‘z mablag‘lari hisobidan 2–3 yillik mevali va manzarali daraxtlar ekkani aniqlangan.
Shuningdek, fuqaro 45 tup mevali va manzarali daraxtni noqonuniy kestirgani hamda 35 tup daraxt ko‘chatini belgilangan tartibga rioya etmagan holda Yangihayot tumaniga ko‘chirib o‘tkazgani ma‘lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan fuqaroga Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan 10,3 mln so‘m jarima qo‘llanilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar esa 49,9 mln so‘m etib hisoblangan.
Bundan tashqari, 24-iyun kuni o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida “Golden art house” MChJ hududida yana uch tup daraxt tag qismidan kesib tashlangani aniqlangan.
To‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.