Toshkentda 7-sentabr kuni 1,5 mln dan ortiq avtomobil harakatlandi

Oliy ta‘lim muassasalarida yangi o‘quv yilining ilk kunida avtobus va metrodan foydalangan yo‘lovchilar soni ham sezilarli oshdi.

7-sentabr kuni Toshkent ko‘chalarida jami 1 mln 501 mingta transport vositasi harakatlandi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma‘lum qildi.

6-sentabr kuni mazkur ko‘rsatkich 1 mln 349 mingtani tashkil etgan. Bir kun ichida poytaxt ko‘chalaridagi transport vositalari soni 152 mingtaga oshgan.

Jamoat transportidan foydalanish ham keskin ko‘paygan. Xususan, 7-sentabr kuni 1 668 ta avtobus 170 ta yo‘nalishda 22 032 ta qatnovni amalga oshirib, qariyb 1,46 mln yo‘lovchi tashigan. Bu avvalgi kundagidan 674 ming nafarga ko‘p.

Toshkent metrosidan esa 1 mln 49 ming yo‘lovchi foydalangan — 6-sentabrga nisbatan 408 ming nafarga ko‘p.

Kunning tig‘iz vaqtida oltita chorrahada tirbandlik darajasi 7 ballga yetgan, yana bitta chorrahada esa bu ko‘rsatkich 7 balldan oshgan.

Tirbandlik kuzatilgan nuqtalarda svetoforlar ish rejimi muvofiqlashtirilib, ayrim yo‘nalishlarda yashil signal vaqti uzaytirildi. Shuningdek, harakatni tartibga solish uchun YPX xodimlari jalb qilindi.

Kommunal tashkilotlar tomonidan sakkizta ko‘chada transport oqimiga qisman ta‘sir ko‘rsatuvchi ishlar olib borildi.

7-sentabr kuni YHXB tomonidan piyodalar yo‘lakchasida harakatlanish bilan bog‘liq 11 ta, to‘xtab turish qoidalarini buzish bo‘yicha 9 ta va to‘xtash qoidalarini buzish bo‘yicha 19 ta holat rasmiylashtirildi.

Yo‘l infratuzilmasini yangilash doirasida 8 km yo‘l chiziqlari yangilanib, 10 ta piyodalar o‘tish joyi yaxshilandi va 12 ta yo‘l belgisi o‘rnatildi. Shuningdek, jamoat transporti uchun 3 km “A” tasmasi chizildi.

So`nggi xabarlar