Toshkentning to‘rtta tumanida gaz ta‘minoti vaqtincha to‘xtatiladi

Sergeli, Bektemir, Yangihayot va Mirzo Ulug‘bek tumanlarining ayrim hududlarida ta‘mirlash va texnik ishlar olib boriladi.

Toshkent shahrining to‘rtta tumanidagi ayrim hududlarda 4-sentabr kuni tabiiy gaz ta‘minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda “Hududgaz Poytaxt” gaz ta‘minoti filiali xabar berdi.

Sergeli tumanida “Qubaytepa” MFY Sadiy ko‘chasidan o‘tgan o‘rta bosimli gaz quvurini xavfsiz hududga ko‘chirish ishlari sabab soat 10:00 dan 17:00 gacha gaz ta‘minotida uzilish kuzatiladi.

Cheklov Sadiy ko‘chasidagi 356 ta yerli xonadon hamda 12 ta ulgurji iste‘molchini qamrab oladi.

Bektemir tumanida “H. Bayqaro” MFY Yu. Chirchiq ko‘chasidagi gaz taqsimlash punktini yangisiga almashtirish munosabati bilan soat 10:00 dan 18:00 gacha tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatiladi.

Natijada Yuqori Chirchiq ko‘chasidagi 12 ta yerli xonadon hamda 2-, 3- va 77-sonli ko‘p qavatli uylardagi 116 ta xonadon gazsiz qoladi.

Yangihayot tumanida “Chortoq” MFY Gulzor 6-tor ko‘chasidagi xonadonlarning gaz ta‘minoti tizimini uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish hamda gaz taqsimlash punktini demontaj qilish rejalashtirilgan.

Shu sabab soat 11:00 dan 16:00 gacha Gulzor ko‘chasidagi 38 ta yerli xonadon va 3 ta ulgurji iste‘molchiga gaz yetkazib berilmaydi.

Mirzo Ulug‘bek tumanida ta‘mirlash ishlari tufayli soat 10:00 dan 17:00 gacha “Alisherobod” va “Yangi Avayxon” mahallalarining ayrim hududlarida gaz ta‘minoti vaqtincha to‘xtatiladi.

Xususan, “Alisherobod” MFYning Anay buloq, Alisherobod, Jo‘shqin, Nihol, Yangi tong va Yangi avlod ko‘chalaridagi 5 ta ko‘p qavatli uy va 643 ta yerli xonadon, shuningdek, “Yangi Avayxon” MFY Qorasuv-6 dahasidagi 42 ta ko‘p qavatli uydagi 2769 ta xonadon gazsiz qoladi.

Bundan tashqari, mazkur hududlardagi 38 ta ulgurji iste‘molchiga ham tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi.

Ta‘mirlash va texnik ishlar yakunlangach, hududlarda tabiiy gaz ta‘minoti qayta tiklanadi.

So`nggi xabarlar