Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish choralari ko‘rib chiqildi.
Takliflar Kembrij, Pensilvaniya va Garvard universitetlari tavsiyalari asosida, xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan.
Endilikda tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji, kadrlar yetishmovchiligi asosida shakllantiriladi. Davlat buyurtmasi yo‘nalishlar kesimida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
2027/2028-o‘quv yilidan “Davolash ishi” yo‘nalishi o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilinmoqda.
Besh yillik taʼlimdan keyin talabalar bir yil to‘liq amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Oilaviy tibbiyot bo‘yicha kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning o‘zida o‘qishi va amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi.
Tor soha mutaxassislarini tayyorlash esa bosqichma-bosqich rezidenturaga o‘tkazilib, magistratura asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi.
O‘rta tibbiyot kadrlarini tayyorlashda ham yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Oliy maʼlumotli hamshiralarning tashxis, davolash va profilaktika jarayonlarida shifokorga yaqin ko‘makchi sifatidagi o‘rni oshiriladi.
Farmatsevtika taʼlimi ishlab chiqarish bilan yana-da yaqin bog‘lanadi. Korxonalar ehtiyoji asosida dual taʼlim kengaytirilib, amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish, talabalarni dori vositalarini ishlab chiqishdan tortib, sifat nazorati va standartlashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarga jalb qilish belgilanmoqda.
Taqdimotning keyingi qismi tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini joriy etishga bag‘ishlandi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini taʼminlash maqsadida mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimi joriy etiladi.
Barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantiriladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, mutaxassisning taʼlimi, malakasi va kasbiy faoliyatiga oid maʼlumotlarni bir joyda jamlash imkonini beradi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tishni 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. Keyinchalik davlat ro‘yxatidan o‘tmagan mutaxassis tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.
Baholash bosqichma-bosqich – fundamental va klinik fanlar, keyin esa mutaxassislik bo‘yicha amalga oshiriladi. Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki, zamonaviy simulyatsion bazalar tashkil etiladi. Imtihondan o‘ta olmagan mutaxassislarga qayta topshirish imkoniyati beriladi.
Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda ertaroq kirgan xodimlarni rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan.
Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, davlat ro‘yxatiga kiritilgan oliy maʼlumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga 2,5 baravarigacha ustama to‘lash taklif etildi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va mutaxassislar malakasini baholash ishlarini tashkil etish uchun alohida markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.