Tataristondagi dronlar hujumida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari Vatanga olib kelindi

Nijnekamskdagi qurilish korxonasiga uyushtirilgan dronlar hujumi oqibatida 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi.

12-avgust kuni Tataristondagi dronlar hujumida halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadlari maxsus aviareys orqali Vatanga olib kelindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

10-avgust kuni Rossiyaning Tatariston Respublikasidagi Nijnekamsk shahrida joylashgan qator obyektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali hujum sodir bo‘lgandi.

Hodisa oqibatida Nijnekamsk shahridagi qurilish korxonasida ishlagan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan, yana bir qator fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonalarga joylashtirilgan.

Prezident topshirig‘iga muvofiq tashkil etilgan Hukumat komissiyasi doirasida mas‘ul idoralar halok bo‘lganlarning jasadlarini Vatanga olib kelish, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish hamda ularning oila a‘zolarini qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rdi.

Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov hamda Qozon shahridagi bosh konsuli Nodirjon Qosimov voqea joyiga borib, mahalliy mas‘ul idoralar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

TIV mazkur holat bilan bog‘liq masalalar, jumladan, jabrlangan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish ishlari Rossiya tomoni bilan hamkorlikda nazoratga olinganini bildirdi.

So`nggi xabarlar