Tatariston raisi Nijnekamskdagi hujumda o‘zbekistonliklar halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Rustam Minnixanov prezident Shavkat Mirziyoyevga hamdardlik bildirib, halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta‘ziya izhor etdi.

Tatariston raisi Rustam Minnixanov Nijnekamsk shahridagi dron hujumi oqibatida 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyevga hamdardlik bildirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Sanoat zonasidagi xostelda halok bo‘lgan 9 kishi orasida xorijiy fuqarolar ham bo‘lgan.

Voqea joyiga O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsuli Nodirjon Qosimov yetib borgan. Diplomat halok bo‘lganlarning jasadlarini vatanga qaytarish bilan bog‘liq masalalarni hal qilmoqda.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ma‘lumotiga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertizasi va zarur rasmiyatchiliklar yakunlangach, halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlarini O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘riladi.

Hujum oqibatida jami 13 kishi halok bo‘lib, 48 kishi turli darajada tan jarohati olgan. Tataristonda motam kuni e‘lon qilingan.

So`nggi xabarlar