Surxondaryoda soxta hujjatlar bilan 25 mlrd so‘mlik kreditni o‘zlashtirish holati aniqlandi

Garovdagi bino-inshootlar soxta hujjatlar orqali takroran garovga qo‘yilib, bankdan kredit olingan.

Soxta hujjatlar yordamida 25 mlrd so‘mlik kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Surxondaryo viloyatida “T.K.” MChJ ta‘sischisi Sh.Sh. va boshqalar tijorat banklaridan birining viloyat hududiy boshqarmasi bilan “I.” MChJ o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasi bo‘yicha garovda bo‘lgan bino-inshootlarni soxta hujjatlar asosida takroran garovga qo‘ygan.

Shundan so‘ng ular Andijon viloyatidagi tijorat banklaridan biridan 25 mlrd so‘m kredit ajratilishiga erishib, mablag‘larni talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

So`nggi xabarlar