Surxondaryo viloyati IIBga yangi boshliq tayinlandi

Lavozimga IIV Akademiyasi magistratura bosqichi bitiruvchisi Baxtiyor Inoqov tayinlandi.

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga yangi boshliq tayinlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan podpolkovnik Baxtiyor Rahimjonovich Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi. U IIV Akademiyasi magistratura bosqichi bitiruvchisi hisoblanadi.

Tayinlov xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida e‘lon qilindi. Unda ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada viloyatdagi kriminogen vaziyat va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. 

Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida yoki 73%ida birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Shu bilan birga, 28 ta mahalla hamon “qizil” toifada qolayotgani qayd etildi.

Yangi rahbarga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, mahallalarda xavfsizlikni ta‘minlash, aholi murojaatlaridagi muammolarni o‘rganish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

So`nggi xabarlar