O‘zbekistonning Suriyadagi elchisi tayinlandi

Ayyubxon Yunusov Suriya tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

O‘zbekistonning Suriyadagi elchisi etib Ayyubxon Yunusov tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Diplomatning qarorgohi Al-Kuvaytda joylashgan. U Suriya tashqi ishlar vaziri Asad Hasan ash-Shayboniyga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

Uchrashuvda Suriya tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratishi ta‘kidlandi.

Tomonlar so‘nggi paytlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar faollashganini qayd etib, siyosiy muloqotni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.

Xususan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston−Suriya hukumatlararo qo‘mitasini tuzish hamda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Suriya tomoni O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslarni ko‘rib chiqish hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

So`nggi xabarlar