Toshkentning Chilonzor tumanida fuqaroni Slovakiyaga ishga yuborish va unga viza rasmiylashtirib berishni va‘da qilgan turistik firma menejeri ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Qayd etilishicha, menejer xorijga ishga jo‘natish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan.
Shunga qaramay, u Samarqand viloyatida yashovchi fuqarodan Slovakiyaga ishga yuborish hamda viza rasmiylashtirib berish evaziga $3 ming va 2,5 mln so‘m talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda menejer $1 ming va 2,5 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.