O‘zbekistonga Belgiya va Shvetsiyaning yangi elchilari tayinlandi

Belgiya elchixonasining Toshkentdagi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Belgiyaning mamlakatdagi yangi elchisi Matias Kende hamda Shvetsiyaning yangi elchisi Martin Rozendan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram-kanalida ma‘lum qildi.

Matias Kende bilan uchrashuvda Toshkentda Belgiya elchixonasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ikki davlat munosabatlaridagi muhim voqea ekani qayd etildi.

Tomonlar siyosiy muloqotni yana-da mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. 

Shuningdek, ikki tomonlama va Yevropa Ittifoqi doirasida O‘zbekiston−Belgiya aloqalarini rivojlantirishga tayyorlik bildirildi.

Shvetsiyaning yangi elchisi Martin Rozen bilan uchrashuvda esa so‘nggi yillarda O‘zbekiston−Shvetsiya munosabatlari faollashayotgani ta‘kidlandi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish muhimligini qayd etdi.

Baxtiyor Saidov elchilarni yangi vazifasi bilan tabriklab, ikki davlat bilan munosabatlarni yana-da rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

So`nggi xabarlar