Toshkentning Shahrisabz ko‘chasida BRT yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha qurilish-ta‘mirlash ishlari davom etmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Loyihaning birinchi bosqichi Shahrisabz−Mirobod−Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik uchastkani qamrab oladi. Qurilish ishlari 24-iyulda boshlangan.
BRT yo‘lagida katta sig‘imli va og‘ir avtobuslar muntazam harakatlanishi hisobga olinib, yo‘lning asosi ham to‘liq qayta tayyorlanmoqda. Xususan, yo‘l qismi 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazilib, mavjud asos qayta shakllantirilmoqda.
Bu yo‘l ostidagi namlikni bartaraf etish, gruntning siljishi va cho‘kishi xavfini kamaytirish hamda og‘ir avtobuslar qatnoviga bardoshli asos yaratishga qaratilgan.
Yo‘l konstruksiyasi qatlamlari orasiga geotekstil yotqizilmoqda. U grunt va shag‘al qatlamlarining aralashib ketishini cheklash, suvni o‘tkazib, mayda grunt zarrachalarini ushlab qolish hamda yo‘l asosining barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida mazkur uchastkada BRT tizimiga mos 6 ta avtobus bekati tashkil etiladi. Avtobuslar uchun maxsus yo‘lak boshqa transport vositalari qatnov qismidan bordyurlar bilan jismonan ajratiladi.
Birinchi bosqichdagi qurilish-ta‘mirlash ishlarini 31-avgustgacha yakunlab, yo‘l qismini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Keyingi bosqichlarda BRT yo‘lagini Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab davom ettirish ko‘zda tutilmoqda.