6-avgust kuni Samarqand viloyatining Nurobod tumanida o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB xabar berdi.
Soat 16:00 lar atrofida MAN rusumli yuk avtomobili A-378 avtomobil yo‘lining 35-kilometrida Samarqand–Qashqadaryo yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda transport vositasi kabinasida to‘satdan yong‘in kelib chiqqan.
Haydovchi avtomobilni to‘xtatishga uringan, biroq boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning chap tomonidagi beton to‘siqqa urilgan. Shundan so‘ng yuk mashinasi ag‘darilgan.
Hodisa oqibatida haydovchi olgan og‘ir tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Nurobod tumani IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.