Quyichirchiqda hokim yordamchisi fuqarolarning 130 mln so‘mlik kreditini o‘zlashtirishda gumonlanmoqda

U to‘rt nafar fuqaro nomiga imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, mablag‘larni o‘z ehtiyojlariga sarflagani aytilmoqda.

Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida hokim yordamchisi fuqarolarga ajratilgan 130,2 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirishda gumonlanmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Departamentning tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Oydinobod” MFY hokim yordamchisi Sh.G. to‘rt nafar fuqaroning ishonchiga kirgani aniqlangan.

U fuqarolar mazkur mahalla hududida yashamasa-da, bankka taqdim etilgan tavsiyanomalarda ularni “Oydinobod” MFYda yashovchi sifatida ko‘rsatgan. 

Natijada ular nomiga jami 130,2 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun sarflagani aytilmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

So`nggi xabarlar