Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida qo‘riqxona hududida noqonuniy ov qilganlikda gumon qilingan uch shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, “Surxon” davlat qo‘riqxonasi xodimlari kuzatuv davomida “Sherjon” bo‘limi hududida ov qurollari bilan yurgan uch nafar shaxsni aniqlagan.
Ularga bir necha bor to‘xtash ishorasi berilgan, biroq ular bo‘ysunmagan hamda qo‘riqxona xodimlariga qarata o‘q uzib, ryukzaklarini tashlagan holda voqea joyidan qochib ketgan.
Tashlab ketilgan ryukzaklar ko‘zdan kechirilganda, ichidan ikki bosh hayvonning bo‘laklangan go‘shtlari topilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlanib, to‘plangan materiallar Sherobod tumani IIBga taqdim etilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.