Qashqadaryo viloyatida belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq qator huquqbuzarliklar aniqlandi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Nazorat tadbirlari davomida Qarshi shahrining “Shoxbekat” mahallasida to‘rt nafar, “Roguzar” mahallasida bir nafar hamda Qarshi tumanining “Shoyxuja” mahallasida bir nafar fuqaro chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlagani ma‘lum bo‘ldi.
Holatlar yuzasidan Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91¹-moddasi 1 va 2-qismlari asosida ma‘muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Fuqarolardan biriga 4,12 mln so‘m, qolgan besh nafariga esa 1,236 mln so‘mdan jarima belgilandi. Jarimalarning umumiy miqdori 10,3 mln so‘mni tashkil etdi.
Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, hozirda respublikaning deyarli barcha hududlarida o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralari noqonuniy chiqindi tashlash va boshqa ekologik huquqbuzarliklarni aniqlashda foydalanilmoqda.