Toshkentda 2-sentabr kuni transport oqimi 30% ga oshdi, tirbandlik 6 ballda saqlandi

Transport oqimini boshqarish uchun poytaxtdagi muhim chorrahalar real vaqt rejimida kuzatilib, svetoforlar yuklamaga qarab sozlanmoqda.

Toshkent ko‘chalaridagi transport oqimi 2-sentabr kuni 24-avgustdagi odatiy ish kuniga nisbatan 30% ga oshdi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Yuklama oshishiga qaramay, shahar bo‘yicha umumiy tirbandlik ko‘rsatkichi 6 ball darajasida saqlanib, uning keskin ortishiga yo‘l qo‘yilmadi. Ayrim yo‘l uchastkalarida esa harakat tezligi pasaygan.

Markazga ko‘ra, bunga transport oqimini doimiy monitoring qilish, tegishli xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda svetofor fazalarini tezkor o‘zgartirish orqali erishilgan.

Transport oqimlarini markazlashgan tarzda kuzatish va boshqarish uchun YHTEM Vaziyatlar markazini ishga tushirdi. Maxsus raqamli tizimga poytaxtdagi deyarli barcha muhim tartibga solinadigan chorrahalar ulangan.

Markaz mutaxassislari real vaqt rejimida yo‘l holati, svetoforlar ishlashi, avtomobillar navbatining shakllanishi va jamoat transporti harakatini kuzatib boradi. Bu lokal tirbandlik qo‘shni ko‘chalarga tarqalishidan oldin avtomobillar navbati ortishini aniqlash imkonini beradi.

Tirbandlik yuzaga kelganda transport oqimi intensivligi va qo‘shni uchastkalardagi vaziyat tahlil qilinadi. Zaruratga qarab yuklama yuqori yo‘nalishda yashil chiroq davomiyligi uzaytiriladi, svetofor fazalari qayta sozlanadi hamda qo‘shni svetoforlar o‘zaro muvofiqlashtiriladi.

Agar tirbandlik YTH, nosoz yoki to‘xtab qolgan avtomobil, yo‘l tasmasining yopilishi, ta‘mirlash ishlari yoki to‘xtash qoidalarining buzilishi sababli yuzaga kelsa, ma‘lumot YHXB xodimlariga yetkaziladi. 

Joyida harakat qo‘lda tartibga solinishi, yo‘l tasmasi bo‘shatilishi yoki xavfsiz aylanib o‘tish tashkil etilishi mumkin. Zaruratda boshqa tegishli xizmatlar ham jalb qilinadi.

Vaziyatlar markazida yo‘l-transport holatini har kuni nazorat qiluvchi ishchi guruh faoliyat yuritadi. Uning tarkibiga YHTEM, shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi, YHXB, jamoat transporti dispetcherlik xizmatlari, shuningdek, muhandislar, transport modellashtirish mutaxassislari, tahlilchilar va dasturchilar kiradi.

Mahalliy mutaxassislar bilan birga xorijiy ekspertlar ham transport oqimlari taqsimoti, tirbandlik sabablari va ko‘rilayotgan choralar samaradorligini tahlil qilmoqda.

Yaqin kunlarda monitoring kuchaytirilgan tartibda davom ettiriladi. Oliy ta‘lim muassasalari, akademik litseylar, texnikumlar va boshqa ta‘lim muassasalarida mashg‘ulotlar boshlanishi bilan transport yuklamasi bosqichma-bosqich ortishi mumkin.

So`nggi xabarlar