Anvar Hamroyev Peshku tumani hokimi etib tasdiqlandi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi xabar berdi.
Xalq deputatlari Peshku tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Unda viloyat hokimi Botir Zaripov Anvar Hamroyev nomzodini tuman hokimi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi qarorni o‘qib eshittirdi. Deputatlar uning nomzodini tasdiqladi.
Anvar Hamroyev 1978-yilda Buxoro tumanida tug‘ilgan. U 1997-yilda Buxoro kooperativ texnikumini, 2003-yilda Buxoro davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi — moliyachi va iqtisodchi.
U mehnat faoliyatini Buxoro tumani statistika bo‘limida boshlagan. Keyinchalik Buxoro tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori, Kogon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari hamda viloyat hokimligi boshqaruv apparati kotibiyat mudiri lavozimlarida ishlagan.
2020-yildan buyon Hamroyev Buxoro viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.
Peshku tumanining avvalgi hokimi Hayot Davlatov esa Buxoro viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangani sababli lavozimidan ozod etildi.