Toshkentdagi oliygohlarda yangi o‘quv yilidan darslar soat 8:00 da boshlanadi

Yangi tartib poytaxtda transport oqimini samarali tashkil etish, tig‘iz vaqtlarda yo‘llardagi yuklamani kamaytirish hamda ta‘lim jarayonini maqbul tashkil etishga qaratilgan.

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida joylashgan oliy ta‘lim tashkilotlarida birinchi smenadagi o‘quv mashg‘ulotlari soat 8:00 da boshlanadi. Bu haqda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Vazirlikka ko‘ra, darslarning ertaroq boshlanishi talabalar va professor-o‘qituvchilarning harakatlanish vaqtini oqilona rejalashtirish, kun davomida ta‘lim jarayonini samarali tashkil etish hamda shahardagi transport oqimini maqbullashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yangi tartib kunduzgi va kechki ta‘lim shakllarida tahsil olayotgan talabalar uchun o‘quv kunini to‘g‘ri rejalashtirish, mashg‘ulotlar va boshqa o‘quv faoliyati uchun vaqt imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etilgan.

Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida poytaxtdagi oliy ta‘lim tashkilotlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, pedagoglar hamda talabalardan mazkur tartibni inobatga olish so‘ralgan.

Ta‘lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni belgilangan vaqtda boshlash, o‘quv jarayonini tegishli ravishda tashkil etish hamda talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni ta‘minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

Vazirlik yangi tartib faqat Toshkent shahrida joylashgan oliy ta‘lim tashkilotlarining birinchi smenadagi o‘quv mashg‘ulotlariga taalluqli ekanini qayd etdi.

So`nggi xabarlar