Xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi

Ularning to‘qqiz nafari Rossiyadan, ikki nafari esa Qozog‘istondan olib kelindi.

O‘tgan hafta xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma‘lum qildi.

Xususan, bolalarning to‘qqiz nafari Rossiyadan, ikki nafari esa Qozog‘istondan Vatanga olib kelindi.

Voyaga yetmaganlarni qaytarish ishlari Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirildi. 

Jarayonga Bolalar ombudsmani ko‘maklashib, tegishli xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilindi.

Hozirda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta‘minlash, ularni oilaviy muhitga qaytarish hamda zarur ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Ularning keyingi holati va oilaga moslashuvi yashash manzili bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy hamrohlik asosida kuzatib boriladi.

So`nggi xabarlar