Navoiy shahrida noqonuniy oltin savdosiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Unda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, 1987 va 1993-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs 212,9 gramm quyma oltinni xaridorga 340 mln so‘mga sotishga kelishgani aniqlangan.
Ular xaridorga 999 probali 26,3 gramm oltinni berib, qolgan qismini keyinroq yetkazib berishni aytgan. Shaxslar buning evaziga 20 ming dollar va 100 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, gumonlanuvchilardan biri o‘z yashash xonadonida qumdan oltin ajratib olishga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil qilgani aniqlangan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.