Navoiy shahar hokimligi “Hayot” mahallasi suratlarida sun‘iy intellektdan foydalanilganini tan oldi

Hokimlik holat uchun uzr so‘rab, materiallarni tayyorlashga mas‘ul xodimlar ogohlantirilganini ma‘lum qildi.

Navoiy shahar hokimligi “Hayot” mahallasidagi obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari aks etgan fotomateriallarda sun‘iy intellekt elementlaridan foydalanilgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Hokimlik axborot xizmatining qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlar uchun materiallarni tayyorlash va joylashtirish jarayonida mas‘ul xodimlar e‘tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan. 

Mahalladagi haqiqiy o‘zgarishlarni “ko‘rgazmali va sifatliroq formatda” taqdim etish maqsadida dizayn jarayonida sun‘iy intellekt elementlaridan foydalanilgan.

Tayyorlangan materiallar tegishli tekshiruvdan o‘tkazilmasdan e‘lon qilingan.

“Ushbu holat va jamoatchilikda tug‘ilgan o‘rinli e‘tirozlar uchun fuqarolarimiz hamda ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilaridan uzr so‘raymiz”, — deyiladi munosabatda.

Materiallarni tayyorlashga mas‘ul xodimlar ogohlantirilgan. Shuningdek, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun axborot xizmati faoliyatida nazorat va talab kuchaytirilishi bildirilgan.

Hokimlik “Hayot” mahallasida amalga oshirilgan ishlar real ekanini ta‘kidlab, buning tasdig‘i sifatida hududning ishlov berilmagan foto va videolarini taqdim etishini ma‘lum qilgan.

Shuningdek, OAV vakillari, blogerlar va jamoatchilik vakillari mahallaga tashrif buyurib, amalga oshirilgan ishlarni joyida ko‘rishga taklif etilgan.

So`nggi xabarlar