Samarqandda elektr korxonasi rahbari tadbirkordan $5 ming pora olayotganda ushlandi

Toshkentda abituriyentni universitetga o‘qishga kiritishni va‘da qilgan shaxs qo‘lga olindi.

Samarqand viloyati tumanlaridan biridagi elektr ta‘minoti korxonasi rahbari pora bilan ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Mansabdor tadbirkorga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish oqibatida davlatga yetkazilgan 393 mln so‘mlik zarar bo‘yicha uni jinoiy javobgarlikka torttirmaslik, zarar miqdorini kamaytirib ko‘rsatib ma‘muriy tartibda sudga chiqarish evaziga 5 ming dollar talab qilgan.

U joriy yil iyul oyi oxirida ushbu pulning 4 ming dollarini olgan, qolgan 1 ming dollarni esa uchinchi shaxs orqali olayotganida tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan. 

DXX xabari ko‘ra, mazkur rahbar avval ham sudlangan bo‘lgan.

Shuningdek, Toshkentda muqaddam sudlangan 1988-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2001-yilda tug‘ilgan fuqaroni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 20 ming dollar talab qilgan.

U oldindan 13 ming dollar olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

So`nggi xabarlar