Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida yolg‘iz yashovchi keksa ayolning uyi boshqa shaxs nomiga o‘tkazilgani bo‘yicha tergov boshlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 1940-yilda tug‘ilgan L. Juravlyovaning qarovsiz qoldirilgani aks etgan video tarqalgandi. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi.
Aniqlanishicha, ayol tumandagi xonadonda yolg‘iz yashagan va sog‘lig‘i bilan bog‘liq bir qator kasalliklar sababli dispanser hisobida turgan.
Unga tegishli uy 2025-yil 25-sentabrda notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxs nomiga o‘tkazilgan.
Tekshiruvda ayol uyini sotish vaqtida o‘z harakatlarining ahamiyatini anglash va ularni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan-bo‘lmagani, shuningdek, firibgarlik qurboniga aylangan bo‘lishi mumkinligini aniqlash zarurati yuzaga kelgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.