Jamoat xavfsizligi universitetida qabul kvotalari oshiriladi

2026/2027-o‘quv yilidan kunduzgi ta‘lim uchun qabul kvotasi 600 nafargacha, masofaviy ta‘lim uchun esa 300 nafargacha oshiriladi.

Prezidentning jamoat xavfsizligi sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan Jamoat xavfsizligi universitetining bakalavriat bosqichida yillik qabul kvotasi kunduzgi ta‘lim shaklida 600 nafargacha kursant, masofaviy ta‘lim shaklida esa 300 nafargacha tinglovchiga oshiriladi.

Kvotalarning to‘rtdan uch qismi Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashga ajratiladi.

IIV tizimi uchun qabul kvotalari va mutaxassisliklar taqsimoti ichki ishlar organlarining ehtiyojidan kelib chiqib, Prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Universitetda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya uchun bakalavriatning kunduzgi ta‘lim shaklida “Yurisprudensiya” yo‘nalishi doirasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va qo‘riqlash faoliyati bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Masofaviy ta‘limda esa “Yurisprudensiya” yo‘nalishi doirasida “Jamoat xavfsizligini huquqiy ta‘minlash” bo‘yicha o‘qitish amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, jamoat xavfsizligini ta‘minlash sohasida kamida besh yillik amaliy xizmat stajiga ega ichki ishlar organlari xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari magistraturada “Jamoat xavfsizligini ta‘minlash faoliyatini tashkil etish” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitiladi.

So`nggi xabarlar