Belarusning Vitebsk viloyatidagi Orsha-Vostochnaya stansiyasidan yo‘lga chiqqan “Belorus karvoni” nomli ikkinchi yuk poyezdi O‘zbekistonning Chuqursoy stansiyasiga yetib keldi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ xabar berdi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk poyezdlari qatnovi O‘zbekiston va Belarus prezidentlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida tashkil etilmoqda.
Jami 44 ta vagondan iborat poyezdda yog‘och va yog‘ochni qayta ishlash mahsulotlari, shakar, plita mahsulotlari hamda turli xalq iste‘moli tovarlari olib kelindi.
Yuklar Chuqursoy stansiyasidan Axtachi, Rouston, Nazarbek va Kakir stansiyalariga yetkazib beriladi.
Kompaniya ma‘lumotiga ko‘ra, “Belorus karvoni”ning 10 kun ichida ikkinchi marta O‘zbekistonga yetib kelishi ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poyezdlar orqali muntazam yuk tashuvlari yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” O‘zbekistondan Belarusga, shuningdek, uning hududi orqali Yevropa davlatlariga eksport yuklarini jo‘natishda mazkur yo‘nalishdan foydalanish mumkinligini bildirdi.