Toshkent hokimligi va uning tizimidagi tashkilotlarda ish vaqtini o‘zgartirish taklif etilmoqda

Xodimlarning ish kunini soat 8:00 dan 17:00 gacha etib belgilash taklifi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Toshkent shahar hokimligi shahar va tuman hokimliklari, shahar boshqarmalari hamda ularga qarashli bo‘linmalarning ish vaqtini o‘zgartirishni taklif qilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.

Taklifga ko‘ra, mazkur tashkilotlarda ish kuni soat 8:00 da boshlanib, 17:00 da yakunlanadi. Bunda ish kunining davomiyligi o‘zgarmaydi — xodimlar ishni bir soat ertaroq boshlab, bir soat ertaroq tugatadi.

Hokimlik qayd etishicha, hozir ko‘plab ijtimoiy muassasalar, ayrim davlat tashkilotlari va korxonalarda ish kuni soat 8:00 da boshlanadi. 

Ish jadvallarini uyg‘unlashtirish fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni ertaroq boshlash hamda bir nechta idora ishtirokini talab qiladigan masalalarni tezroq muvofiqlashtirish imkonini berishi kutilmoqda.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tahlillari va modellashtirish natijalariga ko‘ra, ish boshlanish vaqtlarini taqsimlash ertalabki tig‘iz paytda yo‘l tarmog‘iga tushadigan yuklamani kamaytirishga yordam beradi.

Yangi tartib joriy etilsa, tushlik vaqti ham unga mos ravishda tashkil etiladi. Bu transport oqimlari va umumiy ovqatlanish obyektlariga tushadigan yuklamani kun davomida bir maromda taqsimlash imkonini berishi mumkin.

Taklif yuzasidan jamoatchilik so‘rovi 28-avgust kuni yakunlanadi. Agar u aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, hokimlik tashabbusni belgilangan tartibda kasaba uyushmalari tashkilotlari ko‘rib chiqishiga kiritadi.

So`nggi xabarlar