O‘zbekistonda yangi ish haftasida havo harorati biroz pasayadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Sinoptiklarga ko‘ra, hafta davomida respublikaning aksariyat hududlarida kunduzgi harorat 32–35 daraja, ayrim kunlari 35–38 daraja atrofida bo‘ladi. Faqat eng janubiy hududlarda bugun 40–43 daraja, 4–7-avgust kunlari esa 38–40 daraja issiq saqlanib qoladi.
Hafta davomida respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat tog‘li hududlarda, shuningdek 4-avgust kuni Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, Toshkent viloyati hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli bor.
3–5-avgust kunlari respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi sekundiga 13–18 metrgacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatiladi.
Toshkent shahrida hafta davomida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 3 hamda 6–7-avgust kunlari 35–38 daraja, 4–5-avgust kunlari esa 33–35 daraja bo‘ladi. 4-avgust kuni shamol sekundiga 12–15 metrgacha kuchayib, shaharning ayrim hududlarida chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.