O‘zbekistonda hafta davomida havo 37 darajagacha isiydi

Ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, shamol tezligi 18 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Ushbu ish haftasi davomida O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va iliq ob-havo kuzatiladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Ayrim kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, 10−11-sentabr kunlari esa Buxoro hamda Navoiy viloyatlarining ba‘zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Hafta davomida harorat kechalari 15−20 daraja, kunduzi esa 32−37 daraja atrofida bo‘ladi. Respublikaning shimoli-g‘arbida kunduzgi harorat 30−33 darajadan 25−28 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

7 va 11-sentabr kunlari tog‘li hududlarning ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi. 8−10-sentabr kunlari shimoliy va cho‘l hududlarda, 11-sentabrda esa respublikaning ayrim joylarida uning tezligi 13−18 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Toshkentda hafta davomida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo biroz bulutli va vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘lib, harorat kechalari 17−20 daraja, kunduzi 32−37 daraja atrofida bo‘ladi.

Poytaxtda shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi.

So`nggi xabarlar