Farg‘onada ko‘p qavatli uy yerto‘lasida akula boqilayotgani aniqlandi

Xonadon egasi yerto‘laga sun‘iy hovuz o‘rnatib, uning ayrim qismlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan.

Farg‘ona shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida yerto‘laga sun‘iy hovuz o‘rnatilib, unda akula boqilayotgani aniqlandi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.

Holat Muruvvat MFY, Farg‘ona ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda o‘tkazilgan monitoring tadbirlari davomida aniqlangan.

Xususan, 78-uyning 17-xonadon mulkdori ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasiga Vazirlar Mahkamasining 648-son qarori talablariga zid ravishda sun‘iy hovuz o‘rnatib, unda akula boqayotgani aniqlangan.

Shuningdek, mulkdor yerto‘laning ayrim qismlarini to‘sib, ularni o‘zboshimchalik bilan egallab olgan.

Holat yuzasidan mulkdorga nisbatan ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, u jarimaga tortilgan. Shuningdek, unga yerto‘lani 15 kun ichida bo‘shatish va asl holatiga keltirish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berilgan.

Bundan tashqari, xonadonda ichimlik suvidan o‘zboshimchalik bilan foydalanish holati aniqlangan. Buning uchun mulkdorga Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 163-moddasi 1-qismi asosida ma‘muriy jarima rasmiylashtirilgan.

So`nggi xabarlar