Avgustda 71,9 mlrd so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanildi

Bir oyda 321 ta noqonuniy foydalanish holati aniqlanib, qoidabuzarliklar bo‘yicha 340 ta ma‘muriy ish rasmiylashtirildi.

Avgust oyida O‘zbekistonda iste‘molchilar tomonidan 71,9 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya xabar berdi.

Nazorat tadbirlari davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq jami 321 ta holat qayd etilgan.

Xususan, 19 mln kVt·soat elektr energiyasi noqonuniy sarflanib, yetkazilgan zarar 40,7 mlrd so‘mga baholangan. Shuningdek, 10 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish natijasida 31,2 mlrd so‘mlik zarar hisoblangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan holatlar bo‘yicha jami 71,9 mlrd so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilingan.

Bundan tashqari, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 340 ta ma‘muriy ish rasmiylashtirilgan.

So`nggi xabarlar