Ekopolitsiya xodimi Sirdaryoda reyd vaqtida halok bo‘ldi

U elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotgan huquqbuzarlarning qarshiligiga uchrab, suvga tushib ketgan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi xodimi Mirzo Botirov xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 9-sentabr kuni soat 23:00 da Sirdaryo daryosi o‘zanida tezkor reyd o‘tkazilgan. Unda Mirzo Botirov elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotgan huquqbuzarlarning qarshiligiga uchrab, suvga tushib ketgan.

Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilgan qidiruv ishlari natijasida 10-sentabr kuni inspektorning jasadi topildi.

Hozirda marhumning oila a‘zolariga moddiy va ma‘naviy ko‘mak ko‘rsatish hamda voqeaning barcha tafsilotlarini o‘rganish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Mirzo Botirov tabiatni muhofaza qilish va ekologik qonunchilik talablarini ta‘minlash yo‘lidagi xizmatlari hamda ko‘rsatgan jasorati uchun vafotidan so‘ng “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

So`nggi xabarlar