O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun uchta yangi dastur ishga tushiriladi

“Biznes start” doirasida yangi tadbirkorlarga 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni e‘lon qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, banklar kredit portfelida kichik biznesning ulushi 45%dan 63%ga oshgan. Joriy yilning birinchi yarmida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trln so‘m resurs ajratilgan.

Yaqinda “Kredit xizmatlari yagona raqamli portali” ishga tushirildi. Unda tadbirkor bitta ariza topshiradi, banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi. Biznesni endi boshlayotganlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Endilikda biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi. Yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun esa “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.

“Biznes start” doirasida tadbirkorlarga sun‘iy intellekt yordamida loyiha va kredit hujjatlarini tayyorlash hamda hisobot yuritish o‘rgatiladi. Dasturga 100 mlrd so‘m ajratilib, tayyor biznes-rejalar va 200 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar taqdim etiladi.

“Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz”, — dedi prezident.

So`nggi xabarlar