Farg‘ona viloyatida Toshloq tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limining sobiq boshlig‘i M.B. hokim yordamchisidan pul olgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda M.B. “Konizar” MFY hokim yordamchisi I.K. tavsiyasi asosida ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan noqonuniy tekshiruv tashkil qilgani aniqlangan.
U tekshiruvda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha chora ko‘rmaslik evaziga I.K.dan $600 olgan.
Bundan tashqari, mansab vakolatini suiiste‘mol qilib, turli bahonalar bilan 17 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aytilmoqda.
Mazkur mablag‘larning 10 mln so‘mi qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.