2026-yilning yanvar−iyul oylarida O‘zbekistonda 210 837 ta avtomobil sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 940 taga yoki 3,6%ga kam. Bu haqda Avtomobil biznesi assotsiatsiyasi xabar berdi.
Avtomobil bozoridagi pasayish ketma-ket to‘rtinchi oy davom etmoqda. Iyul oyida 31 324 ta avtomobil sotilib, iyunga nisbatan 4,7%ga o‘sish qayd etildi. Biroq ko‘rsatkich o‘tgan yilning iyuliga nisbatan 30%ga kamaygan.
Shu bilan birga, bozordagi kompaniyalar ulushida o‘zgarishlar kuzatilmoqda. UzAuto Motors ulushi bir yil ichida 81,5%dan 74,6%gacha qisqargan. ADM ulushi esa 11,3%dan 12,8%gacha oshgan.
ADM portfelida Kia ulushi 0,7 foiz bandga, Haval 0,5 foiz bandga va Changan 0,3 foiz bandga oshdi. BYD bozor ulushini qariyb ikki baravarga ko‘paytirib, 5,6%dan 10%gacha yetkazdi.
Yanvar−iyul oylarida Xitoy avtomobil brendlarining umumiy bozor ulushi 17,8%ni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 11,6% bo‘lgan.
Iyulda iyunga nisbatan Kia va BYDning bozor ulushi 1,8 foiz bandga, Havalniki 0,4 foiz bandga oshdi. Chevrolet ulushi 3,6 foiz bandga, Cheryniki esa 0,9 foiz bandga qisqardi.
B-segment sedanlari savdosida pasayish kuzatilmoqda. Yetti oyda segmentda 70 mingdan ortiq avtomobil sotildi, o‘tgan yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 87 mingta bo‘lgan. Natijada ularning bozordagi ulushi 40%dan 34%gacha kamaydi.
Yengil tijorat avtomobillari (LCV) savdosi ham 9,6%ga qisqarib, 69,5 mingtadan 62,8 mingtaga tushdi.
B-SUV segmentidagi ixcham krossoverlarga talab esa oshmoqda. Yanvar−iyul oylarida 47,9 mingta B-SUV sotilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 37,7 mingtani tashkil etgan. Segmentning bozor ulushi 5,5 foiz bandga oshib, 22,7%ga yetdi.
Assotsiatsiyaga ko‘ra, O‘zbekiston avtomobil bozorida tarkibiy o‘zgarishlar yuz bermoqda va qimmatroq avtomobillarga talab asta-sekin oshmoqda. Bunga avtomobil xaridini moliyalashtirish imkoniyatlarining kengayishi, moliyaviy mahsulotlarning rivojlanishi va aholi xarid qobiliyatining oshishi ta‘sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.