Toshkentda jamoat transportida yo‘l haqi tariflarini qayta ko‘rib chiqish loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Loyihaga ko‘ra, 1-oktabrdan avtobus yoki metroda bir martalik qatnov uchun elektron to‘lovni amaldagi 1700 so‘mdan 2500 so‘mgacha oshirish taklif etilmoqda.
Naqd pulda to‘lov 3000 so‘m miqdorida saqlab qolinadi, bagaj tashish haqi esa 4000 so‘m etib belgilanadi. Narxlar QQS hisobga olingan holda ko‘rsatilgan.
Shuningdek, doimiy yo‘lovchilar uchun yangi abonementlar hamda jamoat transportining bir turidan boshqasiga o‘tish uchun alohida tariflarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Vazirlik ma‘lumotlariga ko‘ra, hozirda poytaxt jamoat transporti har kuni qariyb 2,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda harakat tarkibi qariyb ikki barobar kengayib, avtobuslar soni 1,9 mingtaga yaqinlashgan. Avtobuslarning o‘rtacha qatnov oralig‘i 30 daqiqadan 15 daqiqagacha qisqargan. Yo‘nalishlar tarmog‘i yangi turar joy massivlari va poytaxtga tutash hududlar hisobiga kengaytirilmoqda.
Qayd etilishicha, jamoat transporti xarajatlariga haydovchilar, mashinistlar va texnik xodimlarning ish haqi, yoqilg‘i va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar, texnik xizmat ko‘rsatish va ta‘mirlash, depo va quvvatlantirish infratuzilmasini saqlash, transport salonlarini tozalash, shuningdek, dispetcherlik, navigatsiya va elektron to‘lov tizimlari kiradi.
Amaldagi tarif mazkur xarajatlarning faqat bir qismini qoplaydi. Tashuvlarni moliyalashtirish bo‘yicha asosiy yuk davlat budjeti zimmasida qolmoqda.
Transport vazirligi tariflarning ehtimoliy o‘zgarishi tashuvchilarga qo‘yiladigan talablar bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi kerakligini qayd etdi. Bular qatoriga qatnovlarning muntazamligi, belgilangan oraliqlarga rioya qilish, transport vositalarining texnik holati va tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash kiradi.
Fuqarolar 19-sentyabrga qadar loyiha bilan tanishib, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali orqali taklif va mulohazalarini yuborishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasi yakunlanmaguniga qadar tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.