Andijon viloyatining Marhamat tumanida davlat zaxirasidagi yer uchastkasini rasmiylashtirib berishni va‘da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Tumandagi bank xizmatlari markazlaridan birining boshlig‘i hamda “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mashinisti o‘zaro til biriktirib, fuqaroning ishonchiga kirgan.
Ular Marhamat tumani hokimligi zaxirasidagi 24 sotix yer maydoni go‘yoki turar joy toifasiga oid hujjatlarga ega ekanini aytib, mansabdor tanishlari orqali uni fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga $39 ming talab qilgan.
Mashinist oldindan $25 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.