Andijonda YPX talabiga bo‘ysunmagan Onix haydovchisi do‘konga borib urildi

Haydovchi avtomobilni tegishli hujjatlarsiz boshqargan, transport vositasining 10 mln so‘mdan ortiq muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lgan.

17-avgust kuni soat 01:10 atrofida Andijon shahri Mashrab ko‘chasida YPX xodimlari Onix haydovchisiga to‘xtash ishorasini bergan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, haydovchi talabga bo‘ysunmay, Lomonosov ko‘chasi tomon harakatni davom ettirgan. U boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi do‘konga borib urilgan.

Tekshiruv davomida 1999-yilda tug‘ilgan U.M. avtomobilni tegishli hujjatlarsiz boshqargani aniqlangan. Shuningdek, transport vositasining 10 mln so‘mdan ortiq muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lgan.

Haydovchiga nisbatan ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.

Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan, avtomobilga texnik shikast yetgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.

So`nggi xabarlar